Ko'nglum tilagi visol emishtuk, bildim

Ko'nglum tilagi visol emishtuk, bildim,

Ul vasl dog'i mahol emishtuk, bildim.

Har qandaki bo'lsa mehribondur, der edim,

Ul dog'i g'alat xayol emishtuk, bildim.

 ***

Zulfig'a ko'ngul qo'yub, parishon bo'ldum

Ko'z oldurubon yuziga, hayron bo'ldum.

Chin dey senga, Boburoki, oshiqliqda,

Har neki qilib edim – pushaymon bo'ldum.

 ***

Husnung sifatini eshitib zor o'ldum,

Ko'rmay seni ishqingg'a giriftor o'ldum.

So'rg'ilki, labing firoqi behol etti,

Ko'rgilki, ko'zung hajrida bemor o'ldum.

 ***

Hijronda, sabo, yetti falakka ohim,

Gar ul sori borsang, budurur dilxohim –

Kim, arzi duo niyoz ila qilg'aysen,

Gar so'rsa men xastani Gulrux, Mohim.

 ***

Yillar tilab, ishni qobu saqlab turdum,

Yuz jahd bila ishni munga yetkurdum.

Mardona bo'l, emdi yaxshidur ish kelishi,

Tengriga seni, elni senga topshurdum.