So'rma holimniki, bo'ldum burnog'idin zorroq

So‘rma holimniki, bo‘ldum burnog‘idin zorroq,

Jism jondin zoru jonim jismdin afgorroq.

Banda taqrir aylay olmon band-bandim dardini,

Yuz temur band o‘lsa, ondin bu erur dushvorroq.

Mastu bexudluq bila umrungni o‘tkarding, darig‘,

Ey ko‘ngul, mundin beri bo‘l bir nima hushyorroq.

G‘aflat uyqusidin uyg‘on, gar tilar bo‘lsang murod,

Kim, yetar maqsadg‘a har kim, bo‘lsa ul bedorroq.

O‘lgali yettim, mening jonim g‘amidin, ey rafiq,

Dahr aro chun yo‘q kishi sendin manga g‘amxorroq.

Kelmas o‘xshar zaxmating islohg‘a, Bobur, magar,

Har davokim qildilar bo‘ldung dag‘i bemorroq.

Necha davron g'ussasi bo'lg'ay mening jonimg'a xos

Necha davron g‘ussasi bo‘lg‘ay mening jonimg‘a xos,

Koshki o‘lsam, dog‘i bu g‘ussadin bo‘lsam xalos!

Ohu vovaylo – surudum, dardu g‘am – hamsuhbatim,

Boda – ashkim qoni, kim ko‘rdi muningdek bazmi xos?

Gar shikastim bo‘lsa sust ag‘yordin, ta’n etmangiz –

Kim, shikastig‘a sabab almosning bordur rasos.

Oshiq o‘lg‘och, bexudu devona bo‘ldum, bilmadim –

Kim, pari ruxsoralar ishqiga bu ermish xavos.

Xublarni ko‘z ko‘rub, qon qildi Bobur bag‘rini,

Emdi ko‘zdin qon to‘karmenkim, budur anga qasos.

O'xshamas

Charx avzoi bu dam, avvalgilarga o‘xshamas,

Ko‘nglim ichra dardu g‘am, avvalgilarga o‘xshamas.

Kotibi rahmu raqam, avvalgilarga o‘xshamas,

Endi inson qadri ham, avvalgilarga o‘xshamas,

Kim ul oyning hajri ham, avvalgilarga o‘xshamas.

Har kishi kim bir ulug' ishga yetibdur jon misor,

Shiddati pastu baland kelganda ham qilmaydi or,

Ey falak, hech kimni qilma besamar yo‘llarda xor,

Jabridin erdi alamlar endi tutmish o‘zga yor,

Ne sitam endi kimdir alam, avvalgilarga o‘xshamas.

Ona Sharq tojin kiyib zulmatda ushlatmang meni,

Bodai haq mastiman yolg‘onga uyg‘otmang meni,

O‘z xayolimga qo‘ying, o‘zgaga ishlatmang meni,

Ishq aro Farhod ila Majnunga o‘xshatmang meni,

Kim bu rasvoi ajam, avvalgilarga o‘xshamas.

Kotibi rahmu raqam, avvalgilarga o‘xshamas,

Endi inson qadri ham, avvalgilarga o‘xshamas.

Qaro ko'zum, kelu mardumlug' emdi fan qilg'il

Qaro ko'zum, kelu mardumlug' emdi fan qilg'il,

Ko'zum qarosida mardum kibi vatan qilg'il.

Yuzung guliga ko'ngul ravzasin yasa gulshan,

Qading niholig'a jon gulshanin chaman qilg'il.

Takovaringg'a bag'ir qonidin hino bog'la,

Itingg'a g'amzada jon rishtasin rasan qilg'il.

Firoq tog'ida topilsa tufrog'im, ey charx,

Xamir etib yana ul tog'da ko'hkan qilg'il.

Yuzung visolig'a yetsun desang ko'ngullarni,

Sochingni boshdin-ayog' chin ila shikan qilg'il.

Xazon sipohiga, ey bog'bon, emas mone'

Bu bog' tomida gar ignadin tikan qilg'il.

Yuzida terni ko'rub o'lsam, ey rafiq, meni

Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg'il.

Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,

Aning boshog'lig' o'qin sham'i anjuman qilg'il.

Mubtalo bo'ldum sanga

Ko'rgali husnungni zoru mubtalo bo'ldum sanga,

Ne balolig' kun edikim, oshno bo'ldum sanga.

Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko'ngul,

Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo'ldum sanga.

Men qachon dedim: "Vafo qilg'il manga" zulm aylading,

Sen qachon deding: "Fido bo'lg'il manga" bo'ldim sanga.

Qay pari paykarga dersen telba bo'ldung bu sifat,

Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, bo'ldum sanga.

Ey ko'ngul, tarki nasihat aylading ovora bo'l,

Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo'ldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,

Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo'ldum sanga.

G'ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,

To Navoiydek asiru benavo bo'ldum sanga.