SUYGAN CHOQLARDA
Go'zallarning malikasi ekansan,
Buni sening ko'zlaringdan o'qidim.
O'qidim-da istiqbolim qushiga
Xayolimdan oltin qafas to'qidim.
Gunafshalar qulog'imga madhingni
So'zlab-so'zlab charchadilar, bitmadi...
Alamzada bulbul yig'lab, kechalar
Alamingning so'ngin tamom etmadi
Ko'zingdagi hikoyaning mazmunin,
Shoir bo'lsam, aytib-aytib yig'lardim.
O'shal, eski jarohatli qalbimni
Satrlarning nashtari-la tilardim.
Xayolimning qip-qizildan kiyingan
Parilari, hurlarini ko'rdingmi?
Alamimdan gullar ekkan yo'llardan
Koinotga hayot sochib yurdingmi?
Yo'llaringda she'r aytsa so'lgan barg,
Qulog'imga musiqalar keltirur.
Qachon sening musiqali ovozing
Sening meni suyganingni bildirur?