XAYOLIMDA BO’LDING UZUN KUN...
Xayolimda bo‘lding uzun kun,
Seni izlab qirg‘oqqa bordim.
Och to‘lqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb oyga yolvordim.
Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solar baxtiyor kunlar.
Toleimning oshinosi sen,
Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo tog‘i.
Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib oy ham to‘ladi.
Kecha jim-jit, yolg‘iz to‘lqinlar
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qo‘yding yodimga kimni?..
* * *
Sevgi desam, faqat sen desam,
Sening bilan yashasa qalbim;
Sen desam-u, butun dunyoning
Sho‘rishiga quloq solsam jim...
Quyun kabi aylanar boshim,
Qarayman-u, ko‘zim tinadi
Va jilvangdan ko‘ngil ko‘zgusi
Parcha-parcha bo‘lib sinadi.
Shu qarashga bormi nihoya,
Bo‘larmanmi maqsadga vosil?
Toparmanmi bir yangi g‘oya,
Bo‘larmikan bir murod hosil?
Topilarmi unda bir chora,
Agar meni qurshasa junun:
Bo‘lib qolsa sirim oshkora,
Atasalar nomimni Majnun?