KO'KLAM QAYG'USI
Ey qorong'i uzun qishning hayoli
Ko'klam chog'i ko'zlarimda o'ynama!
Ayriliqning chidab bo'lmas maloli
Ko'klam, maysa yuzlarida qaynama!
Bir oz... bir oz ko'ngil beray ko'klamda
Shaftolining go'zal, qizil yuziga,
Bir oz... bir oz aldanmayin ko'nglimda
Bosh chiqargan yigitlikning so'ziga.
Qarshimdagi kulib turgan yumshoq qiz
Ko'm-ko'k maysa o'rtasida bir guldir.
Ko'p yig'ladim ... yoshlarimni qator chiz
Va qarshimda go'zal qizni bir kuldir!
Ko'klam chog'i ... Sayroq bulbul sayramas,
Na uchunkim, tanburimning tili yo'q.
Ul go'zal qiz chin qarash-la qaramas,
Na uchunkim, umidimning yo'li yoq.
Tillarimda har ko'klamning qo'shig'i,
Yuragimda har go'zalning sevgisi,
Ko'zlarimda har qayg'idan bir yig'i,
Yuzlarimda aldanishning belgisi.
Yolg'iz menmi ko'klam chog'i yig'lagan?
Yolg'iz menmi har umidda aldangan?
Yolg'iz menmi ko'kragimni tig'lagan?
Yolg'iz menmi sevinch bilan bo'lmagan?
Ey ko'klamning ko'z tortg'uvchi kelini,
Nima uchun yig'latasan bir meni? ...