CHIN ARAFA
Saharda charaqlaydi osmon to'la yulduzlar...
Tolei tong otarday, kelajagi ko'kday keng,
Ey, mening farzandlarim, qunduz qosh, qora ko'zlar,
Dasturxon atrofiga yulduz kabi to'planing,
Bugun chin arafadir.
Bugun chin arafadir, g'oliblar o'lkasida.
Ko'zgudek jilolansin murg'ak ko'ngillaringiz,
Baxtingiz qolmasin deb zulmat ko'lankasida,
Daryo-daryo qon to'kib, bu kunni keltirganmiz,
Bugun chin arafadir.
Mal’unlardan yashirgan tilsim sandug'ingni och,
Himmating qanchalar bor, oltin yuzli oftob?
Bolalarning boshidan ayamay zaringni soch,
Endi kulish — arg'anun, qahqahalardir rubob,
Bugun chin arafadir.
Shodlik qo'shini bosdi saodat ko'chasini,
Go'daklar jaranglatar hayitlik tangasini,
Qelinchaklar axtarar pardoz qutichasini,
Qirq kokil bo'lsin deydi, qistaydi yangasini,
Bugun chin arafadir.
Bo'lgan edik intizor ko'z ko'zga tushmak uchun,
G'oliblar qaytgan kun, yor orzusi qongan kun
She’riy o'xshatish bilan qalbimizdir lolagun,
Ayriliq unut bo'lib, bir-birni quchmoq uchun,
Bugun chin arafadnr.
Yuzimizni yoritdi kechagi to'kilgan yosh,
Bugun bayram keltirdi kechagi hajru firoq.
Bugun bo'ston kezadi, kecha qon kechgan quyosh,
Har kunning fayzi boshqa, erta yana yaxshiroq,
Bugun chin arafadir.
Yigitga ot kelishar, bayroq — g'olib qo'liga,
Qadri baland insonga shon kerak, sharaf kerak,
Yuz ming ko'klam poyandoz arslon erlar yo'liga,
Mening yenggan elimga bayram kuni muborak,
Bugun chin arafadir.
Ertaga tong otardan nog'orada zilu bam,
Chaling, Ahmadjon ota, navoni savti bilan,
Sen ham shoh she’ringni yoz bayramga, G'afur G'ulom,
Foilotan faalan, foilotan faalan,
Bugun chin arafadir.