XAYOLI
Ko'ngildagi muhabbatning uchqunin
Xayolimning bir burchida berkitdim.
Ul uchqunning kuchligidan siynamda
Hech tuzalmas, og'ir yara bor etdim.
Qulog'imga ol baxt, deb eshitilgan
Azonlarni shaytoniy deb o'yladim,
Shuning uchun baxt bergan malakka
Turli-tuman afsonalar so'zladim...
Sochlarini o'ynab turib eshitdi
Va dedikim: "Afsonalar behuda".
Bul so'zlari qulog'imga yetishdi:
"Oqdim,-dedi,-qonli, zardobli suvda..."
Oq-oq,-dedi afsonalar sultoni, -
Sening taxting, baxting unda kutadir.
Ul zardobli, qonli suvlar ostida
Qora kiygan joning jilva etadir.
Ket, ey shayton, bosqiradim... qo'rqaman...
Ket-ket. Qilich singan, qalqon teshilgan.
Ko'rasanmi? Men ezilgan, yotaman,
Ustimga-da balo tog'i yiqilgan.
So'nggi nafas, oxirgi dam, ey malak,
Kel, bir qara, so'ngra yiqilsun falak.