TOSHKENTDADIR
Ey birodarlar, kelinglar, oshno Toshkentdadir,
Har kishining istagi, har muddao Toshkentdadir.
Shahdu shakkardan shirin lazzatda har xil mevasi,
Katta-katta bog'u rog' xushhavo Toshkentdadir.
Olimu fozil, zakovatli kishilar beadad,
Bir-biridan nuktadon aqli raso Toshkentdadir.
Ishlamoqda erta-kech hoziq tabiblar, ofarin,
Bo'lsa dardi bedavolarga davo Toshkentdadir.
Tanga darmon baxsh etarda nozaninlarni ko'ring,
Keksalarga sarvqomatlik aso Toshkentdadir.
Barcha atrofu shahardan jalb etib tortmoq uchun
Bag'ri keng, mehmonnavoz, mehri giyo Toshkentdadir.
O'zbekiston ahliga oliy muborak poytaxt,
Muhtasham zo'r shonu shavkatli bino Toshkentdadir.
Ma'rifatga bir makon bo'ldi ajoyib yurtimiz
Desa bo'lgay emdi Mushkin kimyo Toshkentdadir.