So'rma holimniki, bo'ldum burnog'idin zorroq

So‘rma holimniki, bo‘ldum burnog‘idin zorroq,

Jism jondin zoru jonim jismdin afgorroq.

Banda taqrir aylay olmon band-bandim dardini,

Yuz temur band o‘lsa, ondin bu erur dushvorroq.

Mastu bexudluq bila umrungni o‘tkarding, darig‘,

Ey ko‘ngul, mundin beri bo‘l bir nima hushyorroq.

G‘aflat uyqusidin uyg‘on, gar tilar bo‘lsang murod,

Kim, yetar maqsadg‘a har kim, bo‘lsa ul bedorroq.

O‘lgali yettim, mening jonim g‘amidin, ey rafiq,

Dahr aro chun yo‘q kishi sendin manga g‘amxorroq.

Kelmas o‘xshar zaxmating islohg‘a, Bobur, magar,

Har davokim qildilar bo‘ldung dag‘i bemorroq.

Necha davron g'ussasi bo'lg'ay mening jonimg'a xos

Necha davron g‘ussasi bo‘lg‘ay mening jonimg‘a xos,

Koshki o‘lsam, dog‘i bu g‘ussadin bo‘lsam xalos!

Ohu vovaylo – surudum, dardu g‘am – hamsuhbatim,

Boda – ashkim qoni, kim ko‘rdi muningdek bazmi xos?

Gar shikastim bo‘lsa sust ag‘yordin, ta’n etmangiz –

Kim, shikastig‘a sabab almosning bordur rasos.

Oshiq o‘lg‘och, bexudu devona bo‘ldum, bilmadim –

Kim, pari ruxsoralar ishqiga bu ermish xavos.

Xublarni ko‘z ko‘rub, qon qildi Bobur bag‘rini,

Emdi ko‘zdin qon to‘karmenkim, budur anga qasos.