ILTIJO
Naqadar shiddatli hijron g'ussasi,
Ba'zida ezadi ayriliq - firoq.
Behuda o'tganday hayot qissasi,
Yonmaydi ko'nglingga yoqilsa chiroq.
Roziman boshimga tushsa tog' qulab,
«Xayr endi» so'zini eshitish og'ir.
Sen ketsang kiprikka achchiq yosh ulab,
Qolaman, yuragim yonar bir umr.
«Xayr endi» so'zini aytar begona,
Sen axir mehribon, yaqin, munissan.
Ishq o'tin ardoqlab bo'ldim parvona,
Qalbimni yoritgan otash bir hissan.
Roziman sha’nimga aytsang har xil gap,
Sog'intir, qiynagil, qilgin malomat.
Ko'rganda yuzingni mayli burgil chap,
Zinhor xayr demagil, ey pok muhabbat.
«Xayr endi» so'ziga bormasin tiling,
Nahotki chidasa qiynashga ko'ngling?!